Главная » Статьи » Cтатьи

Sheʼrlar
Jonimdin o`zga yori vafodor topmadim …

Jonimdin oʻzga yori vafodor topmadim,
Koʻnglumdin oʻzga mahrami asror topmadim.

Jonimdin oʻzga jonni dilafkor koʻrmadim,
Koʻnglum kibi koʻngulni giriftor topmadim.

Usruk koʻziga toki koʻngul boʻldi mubtalo,
Hargiz bu telbani yana hushyor topmadim.

Nochor furqati bila xoʻy etmisham, netay,
Chun vasligʻa oʻzumni sazovor topmadim.

Bore boray eshigiga bu navbat, ey koʻngul,
Nechaki borib eshigiga bor topmadim.

Bobur, oʻzungni oʻrgatakoʻr yorsizki, men
Istab jahonni muncha qilib yor topmadim.


Gʻurbatu hijrongʻa qoldim, oh ul jon ilgidin …

Gʻurbatu hijrongʻa qoldim, oh ul jon ilgidin,
Jongʻa yettim emdi gʻurbat birla hijron ilgidin.

Koʻrsatur gah tiygʻu gah oʻq holatimni bilmayin,
Ne balolar koʻradurman yori nodon ilgidin.

El figʻonimdin bajonu men bu jondin, ey ajal,
Qil xalos elniyu meni jonu afgʻon ilgidin.

Bobur, ul oy hajrida ishing base dushvor edi,
Shukrkim, qutqardi oʻlum seni oson ilgidin.


Yor yuzumni koʻrub dardu gʻamim bilsa kerak…

Yor yuzumni koʻrub dardu gʻamim bilsa kerak,
Yuz koʻrub dardu gʻamim chorasini qilsa kerak.

Ey sabo, jonu koʻngulni oʻzining chun qildi,
Koʻngli birla degasen joni uchun kelsa kerak.

Vaslini ne qilayin gʻayrdin ayrilmadi hech,
Yor vasli menga, u agʻyordin ayrilsa kerak.

Vaslining qadrini chun bilmadi bu telba koʻngul,
Hajrining tiygʻi aning yuragini tilsa kerak.

Shukr Boburni bilurmen degan ermish ul oy,
Lojaram bandalarin shohlari bilsa kerak.


Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana …

Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana,
Tiyra boʻldi roʻzgorim ul qaro qoshdin yana.

Men hud ul tifli pariyvashgʻa koʻngul berdim, vale
Xonumonim nogahon buzulmagʻay boshdin yana.

Yuz yamonligʻ koʻrub andin telba boʻldung, ey koʻngul,
Yaxshiligʻni koʻz tutarsen ul parivashdin yana.

Tosh urar atfol meni, uyda forigʻ ul pariy,
Telbalardek qichqirurmen har zamon toshdin yana.

Oyogʻim yetguncha Boburdek ketar erdim netay,
Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana.


Koʻngulga boʻldi ajoyib balo qaro soching …

Koʻngulga boʻldi ajoyib balo qaro soching,
Shikasta koʻngluma ermish qaro balo soching.

Muyassar oʻldi junun mulki, ey junun ahli,
Nisori ashkni emdi bu kun mango soching.

Soching shikastida bordur shikasta koʻngullar,
Koʻngullar ochilur, ochilsa ul qaro soching.

Ochildi koʻngli, chu ochting sochingni, Boburning,
Ne ayb, agar desa dilbandu dilkusho soching.


Baloyi ishqki, har dam manda jafoyedur …

Baloyi ishqki, har dam manda jafoyedur,
Bu ishdin kecha olmon ajab baloyedur.

Xati labigʻa tutash boʻlsa, ey koʻngul, ne ajab,
Ki Xizr chashmayi hayvongʻa rahnamoyedur.

Yarar bu xasta koʻngul dardigʻa oʻqin yarasi,
Magarki har yarasi yorning davoyedur.

Bahor fasliduru may havosi boshimda,
Ayoq tut menga soqiyki, xush havoyedur.

Ul oy raqibgʻa boʻldi rafiqu Boburning
Rafiqu hamdami hajrinda ohu voyedur.


Koʻzumda muttasil ul egma qosh kerak boʻlsa …

Koʻzumda muttasil ul egma qosh kerak boʻlsa,
Qoshimda koʻz yorugʻi ul quyosh kerak boʻlsa.

Sujud vaqtida mehrob boʻlmasun hargiz
Ki, bosh qoʻyarda oʻshal egma qosh kerak boʻlsa.

Habib ishqida boshdin kech, ey koʻngul, yoʻq esa,
Bu yoʻlgʻa qoʻyma ayoq sanga bosh kerak boʻlsa.

Qoʻyub ayogʻigʻa bosh, soʻrsa laʼlidin har kim,
Boshigʻa tufroqu ogʻzigʻa tosh kerak boʻlsa.

Sening bila bari el noxush oʻlsa, ey Bobur,
Ne boʻlgʻusi sanga, ul yori xush kerak boʻlsa.


Ulki menga yori dilnavoz koʻrundu …

Ulki menga yori dilnavoz koʻrundu,
Javrin koʻrsatti koʻpu oz koʻrundi.

Boʻldi boshim past poyboʻsida oxir,
Garchi burun asru sarafroz koʻrundi.

Sening uchun ulki boshin oʻynamadi hech,
Senga ajoyibki ishqboz koʻrundi.

Ishq borinda salohu tavbavu taqvo
Barchasi tahqiq bil majoz koʻrundi.

Dushmano jon oʻldi, ne qilay, sanga, Bobur,
Ulki menga yori dilnavoz koʻrundi.


Ne koʻray toʻbini qaddi xushxiroming borida …

Ne koʻray toʻbini qaddi xushxiroming borida,
Ne qilay sunbulni xatti mushfoming borida.

Kim Xizr suyin ogʻizlagʻay labingning qoshida,
Kim Masih alfozidin degay kaloming borida.

Oshiqingni davlatin vasling bila qil muhtaram,
Husn ahli ichra muncha ehtiroming borida.

Bizdin ayru doim el birla icharsen bodani,
Bizni ham gohe sogʻin shurbi mudoming borida.

Ey koʻngul, gar gʻayr soʻzi zahri qotildur, ne gʻam,
Lablaridin sharbati yuhi-il izoming borida.

Tarki nomus aylabon badnom boʻlgʻil ishq aro,
Kim seni oshiq degay nomusu noming borida.

Bobur ul gul koʻyida bulbul kibi topting maqom,
Bir navoye rost qil mundoq maqoming borida.


Sening ishqingda, ey nomehribon, bexonumon boʻldim …

Sening ishqingda, ey nomehribon, bexonumon boʻldim,
Deman bexonumon ovvorayi ikki jahon boʻldum.

Labing gar bermasa boʻsa nechuk jon elta olgʻaymen,
Bu yoʻldakim, adam sahrosigʻa emdi ravon boʻldum.

Soʻrub ul oy labidin ogʻzining ramzini angladim,
Bir ogʻiz soʻz bila koʻrungki muncha xoʻrdadon boʻldum.

Nechakim qoshi yolar ishqida tuzlukni koʻrsattim,
Vale oxir malomat oʻqlarigʻa-oʻq nishon boʻldum.

Kular erdim burun Farhodi miskin dostonigʻa,
Bu Shirindurki oning birla-oʻq hamdoston boʻldum.

Visoling davlatigʻa yetmasam Bobur kibi, ne tong,
Ki hajring mehnatida asru zoru notavon boʻldum.


Kim koʻrar xurshidni, ul mohsiymo boʻlmasa …

Kim koʻrar xurshidni, ul mohsiymo boʻlmasa,
Kim soʻrar shakkarni, ul laʼli shakarxo boʻlmasa.

Gul tikandur koʻzlarimga ul yuzi guldin yiroq,
Sarv oʻqdur bagʻrima ul sarv bolo boʻlmasa.

Jannatu-l-maʼvoni, ey zohid, netay men zorkim,
Istaram koʻyidin oʻzga manga maʼvo boʻlmasa.

Tiymagʻil devona koʻnglumniki, rasvo boʻlma deb,
Oshiq oʻlgʻaymu edi ul telba rasvo boʻlmasa.

Gar boshingni kessalar ishqida, ey Bobur, sening,
Yordin koʻnglung kerakkim oʻzga qatʼo boʻlmasa.


Yana koʻz uyida maʼvo qilibsen …

Yana koʻz uyida maʼvo qilibsen,
Koʻngul koshonasida jo qilibsen.

Yana savdoyi zulfingdin, nigoro,
Meni oshuftavu shaydo qilibsen.

Gʻaming yoʻq jon agar bersam gʻamingda,
Oʻzungni muncha beparvo qilibsen.

Qoshingdin meni oʻqdek tashlar uchun
Yangi oydek qoshingni yo qilibsen.

Koʻzumdin yoshurib, ey bahri altof,
Koʻzumning yoshini daryo qilibsen.

Sogʻinmas jannatu-l-maʼvoni Bobur,
Oning koʻnglida to maʼvo qilibsen.


Jonima oʻt soldi ul ruxsorayi zebo yana …

Jonima oʻt soldi ul ruxsorayi zebo yana,
Koʻngluma ul zulf boʻldi moyayi savdo yana.

Koʻrsatib ruxsoru zulfin ul pariy paykar manga,
Jonu koʻnglumni qilibdur volavu shaydo yana.

Yor koʻyindagi tom sensen manga pushti panoh,
Soyayi lutfungni sol, chun sanga keldim to yana.

Shodliqniyu farogʻatni qoʻyub oshiq boʻlib,
Mehnatu gʻamni qilibmen oʻzuma paydo yana.

Yorgʻa qulmen degach Boburni rasvo ayladi,
Tengri mendek bandasini qilmasun rasvo yana.


Bir pariy men telbani husnigʻa moyil qilgʻudek …

Bir pariy men telbani husnigʻa moyil qilgʻudek,
Koʻzum ichra yer tutub koʻnglumda manzil qilgʻudek.

Koʻnglumizga javr behad qildi ul nomehribon,
Jonima yuz ming gʻamu mehnatni hosil qilgʻudek.

Notavon koʻnglumga ishqi qaygʻuni kelturgudek,
Ayshu ishratni koʻnguldin qaygʻurur el qilgʻudek.

Qilmadi Farhodu Majnun oʻzni rasvo men kibi
Kim, bu nav' ish ish emasdur hech oqil qilgʻudek.

Ul pariy ishqida Bobur jon berib, ey ahli ishq,
Ishq atvorini ishq ahligʻa mushkil qilgʻudek.


Yangi oy yor yuzi birla koʻrub el shod bayramlar …

Yangi oy yor yuzi birla koʻrub el shod bayramlar,
Manga yuzu qoshingdin ayru bayram oyida gʻamlar.

Mening bu tori moʻ yangligʻ tanimgʻa toblar soldi
Ul oyning yuzida sunbul kibi zulfidagʻi xamlar.

Havogʻa dudi ohin tutratur ishq ahli gʻayratdin,
Sabo tahrikidin har gah parishon boʻlsa parchamlar.

Ochildi zulfiyu xaylar namudor oʻldi yuzinda,
Gul uzra chun boʻlur paydo kecha ochilsa shabnamlar.

Menu gʻam kunjiyu ohu figʻoni ashku xunolud,
Ne xushdur goʻshayi xoliy, mayi sofiyu hamdamlar.

Koʻngulni ishq buzdi, ne osigʻ pandu nasihatdin,
Mening majruh koʻnglumga yarashmas ushbu marhamlar.

Yuzi navroʻzi, asli iydni Bobur gʻanimat tut
Ki, mundin yaxshi boʻlmas boʻlsa yuz navroʻzu bayramlar.


Tishing dur, labing marjon, xading gul, xating rayhon …

Tishing dur, labing marjon, xading gul, xating rayhon,
Yuzung xur, soching anbar, soʻzung mul, menging meynon.
Meynon menging, soʻzing mul, anbar soching, yuzung xur,
Rayhon xating, xading gul, marjon labing, tishing dur.

Tafohur koʻzum, koʻnglum qilurlar magar bordur,
Koʻzunga koʻngul vola, yuzunga koʻzum hayron.
Hayron koʻzum yuzunga, vola koʻngul koʻzunga,
Bordur magar, qilurlar koʻnglum, koʻzum tafohur.

Tafakkur necha qilsam topilmas sening misling,
Pariydek seni koʻrdum emassen magan inson.
Inson magar emassen, koʻrdum seni pariydek,
Misling sening topilmas qilsam necha tafakkur.

Balodur manga hajring, davodur manga vasling,
Itobing manga ofat, hadising manga darmon.
Darmon manga hadising, ofat manga itobing,
Vasling manda davodur, hajring manga balodur.

Chu Bobur sanga quldur nazar qil anga zinhor,
Topilmas yana bir qul aningdek sanga, ey jon.
Ey jon sanga aningdek, bir qul yana topilmas,
Zinhor anga nazar qil, quldur sanga chu Bobur.


Ochilib ikki sochi yuziga yoyilmishlar …

Ochilib ikki sochi yuziga yoyilmishlar,
Yoruq jahonni koʻzumga qarongʻu qilmishlar.

Chagʻir bagʻri qonidur barcha ishq ahligʻa,
Zihi alarki, bu maydin dame oyilmishlar.

Ne qilsam aylama, ey yor, aybkim, menda
Jununi ishqu yigitlik bori qotilmishlar.

Salohgʻa xirad ahli meni yovuq derlar,
Koʻrungki ushbu chechanlar yiroq yangilmishlar.

Ne sud ishni eldin yoshurmoq ey Bobur,
Chu holatingni bori olam ahli bilmishlar.


Keltursa yuz baloni oʻshal bevafo manga …

Keltursa yuz baloni oʻshal bevafo manga,
Kelsun, agar yuzumni evursam, balo manga.

Netkaymen, ul rafiq bilakim, qilur base
Mehru vafo raqibgʻa javru jafo manga.

Begona boʻlsa aql meni telbadin, ne tong,
Chun boʻldi ul pariy sifatim oshno manga.

Ohu yoshimdin ortadurur zaʼf, ey tabib,
Bildim yarashmas emdi bu obu havo manga.

Dardim koʻrub mu’olajada zoyi' etma umr
Kim, jonda dardi ishqdurur bedavo manga.

To yor kimni istaru koʻnglina kim yoqar,
Tashvishi bejihatdurur oxir sanga, manga.

Bobur boʻlubturur iki koʻzum yoʻlida toʻrt,
Kelsa ne boʻldi qoshima bir-bir manga-manga.


Xati binafsha, xadi lola, zulfi rayhondur …

Xati binafsha, xadi lola, zulfi rayhondur,
Bahori husnda yuzi ajab gulistondur.

Engi, mengi oyu dagʻi yuzi, soʻzi gulu mul,
Qadi ravonu tani jonu erni marjondur.

Qoshida chin, koʻzida kiynu angabin labida,
Soʻzida zahru lekin tilida darmondur.

Qoshinggʻa koʻp bora olmon, netay oraliqda,
Yoshim tishing duridin ayru bahri ummondur.

Oʻtumni tez etasen har tarafgʻa sekritib ot,
Samandi noz inonini bir beri yondur.

Ne nav' vasf qilay suvrating latofatini
Ki, husnunga sening, ey ruh, aql hayrondur.

Jafovu javr agar qilsa, Boburo, netayin,
Ne ixtiyor manga, harne qilsa sultondur.


Soʻrma holimniki boʻldum burnogʻidin zorroq …

Soʻrma holimniki boʻldum burnogʻidin zorroq,
Jism jondin zoru jonim jismdin afgorroq.

Banda taqrir aylay olmon band-bandim dardini,
Yuz temur band oʻlsa ondin bu erur dushvorroq.

Mastu bexudliq bila unrungni oʻtkarding, darigʻ,
Ey koʻngul, mundin beri boʻl bir nima xushyorroq.

Gʻaflat uyqusidin uygʻon, gar tilar boʻlsang murod,
Kim yetar maqsadgʻa har kim, boʻlsa ul bedorroq.

Oʻlgali yettim, mening jonim gʻamin ye, ey rafiq,
Dahr aro chun yoʻq kishi sendin manga gʻamxorroq.

Kelmas oʻxshar zaxmating islohgʻa, Bobur, magar
Har davokim qildilar boʻldung dagʻi bemorroq.


Kim koʻrubtur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ…

Kim koʻrubtur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ,
Kimki ondin yaxshi yoʻq, koʻz tutma ondin yaxshiligʻ.

Bu zamonni naf’i qilsam ayb qilma, ey rafiq,
Koʻrmadim hargiz, netayin, bu zamondin yaxshiligʻ.

Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun koʻngluma,
Kelmadi jonimgʻa hech oromi jondin yaxshiligʻ.

Ey koʻngul, chun yaxshidin koʻrdung yomonligʻ asru koʻp,
Emdi koʻz tutmoq ne yaʼni har yomondin yaxshiligʻ.

Bori elga yaxhshiligʻ qilgʻilki, mundin yaxshi yoʻq
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiligʻ.

Yaxshiligʻ ahli jahonda istama Bobur kibi,
Kim koʻrubtur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ.


Ne vafo umrumda ul jonu jahondin koʻrgamen …

Ne vafo umrumda ul jonu jahondin koʻrgamen,
Kim vafo jondin koʻrubdurkim, men ondin koʻrgamen.

Koʻz yoʻlidin ul sari husnun nazar aylar edim,
Qon yoshim ul yoʻlni tutti, emdi qondin koʻrgamen.

Yorab, ul kun shum toli’din manga boʻlgʻaymukim
Jonima orom ul oromi jondin koʻrgamen.

Koʻz koʻrar, lekin solur meni balogʻa bu koʻngul,
Bu baloni necha chashmi xunfishondin koʻrgamen.

Bartaraf qilgʻil vafo istarni eldin, Boburo,
Ul gʻalatdurkim, vafo ahli jahondin koʻrgamen.


Zaʼfdin goʻyo mening bu zor jismim noldur …

Zaʼfdin goʻyo mening bu zor jismim noldur
Kim, aning sharhin demakta xoma tili loldur.

Zaʼfliq jismim bila bu notavon koʻnglum aro
Dardi yor erkanga ushbu egma qaddim doldur.

Men damodam qon yutarmen hajr ayogʻidin, netay,
Oʻzgalarning jomi vasli garchi molomoldur.

Zulfigʻa vobastamen vasligʻa yoʻqdur dastras,
Ey xush ul ozodakim, beqaydu forigʻboldur.

Ul pariydin men nechuk jon eltayinkim, Boburo,
Vasli mushkil, hajri muhlik, gʻamzasi qattoldur.


Sendek menga bir yori jafokor topilmas …

Sendek menga bir yori jafokor topilmas,
Mendek senga bir zori vafodor topilmas.

Bu shaklu shamoyil bila xud huru pariy sen
Kim, jinsi bashar ichra bu miqdor topilmas.

Agʻyor koʻz ollidaku ul yor ayon yoʻq,
Gʻamxore koʻngul ichrayu gʻamxor topilmas.

Ey gul, meni zor etmaki, husnung chamanida
Koʻzni yumub ochquncha bu gulzor topilmas.

Bobur, seni chun yor dedi, yorligʻ etgil,
Olamda kishiga yoʻq esa yor topilmas.


Oʻlum uyqusigʻa borib jahondin boʻldum osuda …

Oʻlum uyqusigʻa borib jahondin boʻldum osuda,
Meni istasangiz, ey doʻstlar, koʻrgaysiz uyquda.

Nekim taqdir boʻlsa, ul boʻlur tahqiq bilgaysiz,
Erur jangu jadal, ranju riyozat barcha behuda.

Oʻzungni shod tutqil, gʻam yema dunyo uchun zinhor
Ki, bir dam gʻam yemakka arzimas dunyoyi farsuda.

Zamona ahli ichra, ey koʻngul, oyo topilgʻaymu,
Seningdek dard paymovu meningdek dard paymuda.

Ulusdin tinmadim umrimda hargiz lahzaye, Bobur,
Magar oʻlsam bu olam ahlidin boʻlgʻaymen osuda.

Категория: Cтатьи | Добавил: babur (08.11.2008)
Просмотров: 1132 | Комментарии: 1 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: